Qonunchilik palatasi bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi. Loyihaga ko‘ra, 14 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan nomusga tegish va jinsiy ehtiyojni zo‘rlik bilan g‘ayritabiiy usulda qondirish jinoyatlari uchun 25 yilgacha yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanmoqda. Shuningdek, zo‘ravonlikdan jabrlangan voyaga yetmaganlarni so‘roq qilish jarayoni videoga yozib olinadi.
Ularning gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi bilan yuzlashtirilishi maxsus tartibda o‘tkaziladi. Shuningdek, zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish, bolalarni sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish hamda bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar qarorlarini bajarmaganlik uchun javobgarlik belgilanishi nazarda tutilmoqda.
Ta’lim tashkiloti xodimi tomonidan bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etilishi esa mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusiga ko‘ra bekor qilish uchun asos bo‘lishi mumkin.




