Fransiyada o‘qituvchilar yetishmasligi, sinflarning haddan tashqari to‘lib ketishi, dars jadvalining tig‘izligi va ta’lim sharoitlarining yomonligiga qarshi boshlangan o‘rta maktab o‘quvchilari namoyishlari politsiya bilan to‘qnashuvlarga aylandi.
Tartibsizliklar davomida 625 kishi qo‘lga olindi. Parij atrofida boshlangan namoyishlar keyinchalik mamlakat bo‘ylab tarqalib, 356 ta maktab faoliyatiga ta’sir ko‘rsatdi. Tartibsizliklar boshlanganidan beri kamida 83 nafar politsiya va jandarm, shuningdek, 119 nafar o‘quvchi va maktab xodimi jarohatlangan.
Prezident Emmanuel Makron zo‘ravonliklarni qoraladi. O‘quvchilar esa namoyishlardan maqsad vandalizm emas, balki ta’lim sharoitlarini yaxshilash ekanini ta’kidladi.




