Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida oqova suv tozalash inshooti qurilishida qariyb 14 milliard so‘m byudjet mablag‘i talon-toroj qilingani aniqlandi. Bosh prokuratura huzuridagi departament xabariga ko‘ra, qurilishda aslida 73,3 milliard so‘mlik ish bajarilgan. Biroq hujjatlarda bu summa 87,2 milliard so‘m qilib ko‘rsatilgan. Natijada 13,9 milliard so‘m o‘zlashtirilgan.
🔴Holat qurilishga mas’ul injiniring kompaniyasining Toshkent hududiy boshqarmasi hamda Toshkent viloyati “Suvoqova” korxonasi o‘rtasidagi shartnoma yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvda aniqlangan. Mazkur holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov olib borilmoqda.



